Konferensiyalarning Ahamiyati – 1-Qism

1–2 minutes

–

286 words

Bugun sizlar bilan konferensiyalar haqida gaplashamiz. Ularning kiberxavfsizlik sohasidagi o’rni, beqiyos foydalari va ahamiyati haqida so’z yuritamiz.

Men o’ylaymanki turli xil Kiberxavfsizlik konferensiyalarida qatnashishning o’rni juda katta. Birinchi navbatda siz xoh online qatnashing, xoh offline bo’lsin, kiberxavfsizlik olamida qanday yangiliklar bo’layotganidan birinchilardan bo’lib xabar topasiz. Eng oxirgi xavfsizlik texnologiyalaridan tortib, hujumlar, himoya usullari, cloud xizmatlari va boshqa keng ko’lamdagi yo’nalishlarda nima jarayonlar yuz berayotganiga guvoh bo’lasiz va yangi bilimlarni egallaysiz.

Ikkinchidan, konferensiyalarda qatnashish sizga networking qilish uchun ulkan imkoniyat taqdim qiladi desam adashmagan bo’laman. Yangi tanishlar va do’stlar orttirish, o’zingizga o’xshab fikrlaydigan insonlarni uchratish, ular bilan fikr almashish sohada sizni yaxshiroq rivojlanishingizga, yangi ko’nikmalarni egallab ijtimoiy faol bo’lishingizga yordam beradi.

Uchinchidan, ish topishingizda juda katta hissa qo’shadi deb bemalol ayta olaman. Negaki, aynan konferensiyalarda qatnashish orqali juda ko’plab kompaniyalarning ma’lumotlarini, HR va Team Lead kontaktlarini shaxsan ular bilan gaplashib, kontaktlarini olish imkoniyatiga ega bo’lasiz. Agar kerakli paytda kerakli ko’nikmalar va tayyor CV bilan aynan IT yoki kiberxavfsizlik konferensiyasida bo’lib qolsangiz, tabiiyki, sizni ish topish imkoniyatingiz hech narsa qilmaganingizdan ko’ra 50% yuqori bo’ladi.

2022-2023 yillarda konferensiyalarga borishdan maqsadim faqat ish topish uchun bo’lardi. Muhim insonlarning kontaklarini olib ularga keyin email orqali bog‘lanardim. Ish topganimdan keyin, konferensiyaga tashrif buyurish maqsadim hybrid formatga o’tgan. Endi nafaqat yangi imkoniyatlarni qidirish, balki ko’proq sohada bo’layotgan yangiliklarga e’tibor ham qaratganman. 2024-yilda o’zim uchun rekord daraja qilganman. Shu yilning o‘zida 8 ta pulli/bepul konferensiyaga qatnashib, kiberxavfsizlik bozori qayerga ketayotganligi, qanday yangiliklar bo’layotgani haqida ko’plab ma’lumotlarni olganman. Qaysi standda kitob, jurnal va foydali flayer ko’rsam ularni olishga harakat qilardim. Albatta shunchaki olish emas, balki haqiqatan ham ulardan foydalanish maqsadida ich-ichimdan o’qishga qiziqish bo’lgani uchun bunday bebaho materiallarni o’tkazib yuborgim kelmasdi. Aynan shu yili naqd €2000 turadigan kiberxavfsizlik sohasida juda mashhur bo’lgan tadbirga scholarship (grant) yutib olish nasib etdi.